Alla (qo’shiq)

Alla – go‘dak (bola)ni uxlatishda yakka usulda, mayin ohang va past ovoz bilan aytiladigan qo‘shiq. Alla — beshik qo‘shig‘i, u xalq og‘zaki ijodi namunalarida ham keng kuylangan. Bolani yo‘rgaklash, beshikka solish, uxlatish, uyg‘ongan bolani yo‘rgakdan yechib olish singari mashg‘ulotlar kuylar, chiroyli ohangdor so‘zlar bilan bezalgan bo‘ladi. Bunday dilni erkalovchi qo‘shiqlar bolaga ham xush yoqqan – ana shu she’riy to‘qimalar turli voqealarga, ayrim marosimlarga bog‘lab aytilgan bu qo‘shiqni alla qo‘shiqlari deyishgan .
Ayrim taxminlarga ko‘ra, alla nomi "Alloh" so‘zidan kelib chiqib, Yaratgandan chaqaloqni o‘z panohida asrashni iltijo qilishga nisbat bilan bog‘liq . Abu Ali Ibn Sinoning allaga oid mulohazalari uni janr genezi (kelib chiqishi) ni belgilashda g‘oyat qimmatlidir . Allalarning Ibn Sino zamonidayoq Markaziy Osiyodagina emas, balki u kezgan O‘rta va Yaqin Sharq mamlakatlarida yashovchi xalqlar orasida muhim ahamiyat kasb etganligi, o‘z an’anaviy hususiyatlariga ega mustaqil janr sifatida keng tarqalganligini turkiy xalqlar o‘rtasida “balu-balu” nomi bilan yuritilganligini “Devoni lug‘otit turk” dagi ma’lumotlar ham tasdiqlaydi. Alisher Navoiy ham Farhodning beshikdagi ahvolini shunday tasvirlaydi: Arusi charx tun-kun doya kirdor, Bo‘lib har tavri holidin xabardor. Beshik davrida chiniyu xitoyi, Bo‘lib yuz no‘sh lab doston saroyi. Ko‘zining nozi eldin eltib uyqu, Anga uyqu keturmakka navogo‘ . Aytilish uslubi va tuzilishi Video fayl (Gulbahor Erqulova – Alla qo’shig’i) Odatda oddiy kuylar bilan, ba’zida rechitativ tarzda, beshik yoki belanchakni tebratish sur’atiga mos ravishda ijro etiladi. Matni, asosan, to‘rtlik; ijro uslubi erkin, badihago‘y. A. onaning bolaga bo‘lgan mehr-muhabbati, umid va orzulari, yaxshi niyat va tilaklarini anglatish bilan birga ruhiy kechinmalarini ham ifodalaydi. Shu bois ba’zi alla namunalari yig‘i ohanglariga yaqin bo‘ladi. Alla-bolalar folklori janri sifatida dunyo xalqlari adaboyotida fikr, mulohazalar yetarlicha. Bu janr o‘zbek bolalar folklori janri sifatida ham bir qancha tadqiqodchilarimiz tomonidan o‘rganilib, o‘ziga xos tavsiflarga ega bo‘lgan. Shuningdek, professor To‘ra Nafasov allalarning tuzilishi xususida so‘z yuritar ekan, allalar xalq qo‘shiqlarinnng bir janri sifatida o‘ziga xos tuzilishga ega ekanligini ta’kidlaydi. Professor To‘ra Nafasovning fikriga ko‘ra allalarning bandi miqdori turlicha. Eng kichigi ikkiliklardan iborat. To‘rtliklar allalarning asosini tashkil etadi. Beshlik, oltilik, sakkizlik va undan ko‘p misrali allalar ham mavjud. Hatto 20 misralik allalar ham yozib olingan. Ko‘rinadiki, allalarning misralarida cheklanish, deyarli, yo‘q. Allalarning miqdori allachining holati, kayfiyati, bilag‘onligi, zukkoligi, donoligi, she’riyatga munosabati kabi qator omillarga bog‘liqdir. To‘rtliklar shaklidagi allalar tuzilish jihatidan xalq qo‘shiqlariga o‘xshab ketadi. O‘xshash deyish albatta shartlidir, ya’ni faqat misralarning miqdorida bir xillik bor. Mazmunan tubdan fardlanadi, aytuvchilari ham, yaratuvchilari ham o‘zga-o‘zga shaxslar, aytilish makoni va zamoni ham farqli. To‘rtliklarning 1-2-misralarida onaning falsafiy va hayotiy mulohazalari, tabiat va jamiyat haqidagi kuzatuvlari natijasi, turli-tuman fikrlari aks etgan bo‘ladi. To‘rtlik allalarning ana shu boshlanish qismi qo‘shiqlar misralaridagi fikrga, ohangga mos. Ammo so‘nggi 3-4-misra bola haqidagi fikrlar: istak, orzu, umid, niyat, tilak, xohish, kelajak rejalari va shunga o‘xshash mazmundagi misralar bilan ifodalanadi . Oxunjon Safarov o‘z tadqiqotlarida o‘zbek allalarini mazmun va kompozitsiya jihatdan parokanda va voqeaband allalarga bo‘linishini aytib o‘tgan. Tadqiqodchi allalarni mazmun jihatdan maishiy va tarixiy allalar mavjud ekanligiga urg‘u beradi. quyidagi turlarga bo‘lib o‘rganadi va har bir turning o‘ziga xos jihatlarini ko‘rsatib o‘tadi. 1.Parokanda; 2. Voqeaband; 3. Maishiy; 4.Tarixiy Har bir mustaqil mazmun bildiruvchi to‘rtlik allalar parokanda xisoblanadi. Parokanda - tartibsiz, tarqatilgan ma’nosini ifodalaydi. Binobarin, parokanda allalarning har birini alohida aytish mumkin . Voqeaband allalarda misralardagi mazmun bir-biriga bog‘lanadi, ya’ni voqeasi bandlangan - bog‘langan bo‘ladi. Ularni oldinma-keyin aytish mumkin emas. Tibbiy xususiyatlari Abu Ali ibn Sino o‘zining mashhur «Tib qonunlari» kitobida bola tarbiyasida allaning ahamiyati to‘g‘risida shunday yozadi: «Bolaning mijozini kuchaytirmoq uchun, unga ikki narsani qo‘llamoq kerak. Biri bolani sekin-sekin tebratish, ikkinchisi uni uxlatish uchun odat bo‘lib qolgan musiqa va allalashdir. Shu ikkisini qabul qilish miqdoriga qarab bolaning tanasi bilan badantarbiyaga va ruhi bilan musiqaga bo‘lgan iste’dodi hosil bo‘ladi» . Nyu-York-Presviterian kasalxonasining Komanskiy nomidagi bolalar salomatligi markazining yangi tug'ilgan chaqaloqlar tibbiyoti boshlig'i, doktor Jefferi Perlman tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, yumshoq musiqa terapiyasi nafaqat erta tug'ilgan chaqaloqlarning yurak urishini sekinlashtiradi, balki ularning ovqatlanishi va uxlashiga ham yordam beradi. Bu ularning vaznini oshirishga yordam beradi va tiklanishni tezlashtiradi. 2013 yil may oyida Nyu-York shahridagi Bet Isroil tibbiyot markazi homiyligida Amerika Pediatriya Akademiyasi jurnalida chop etilgan tadqiqot musiqa turi muhimligini aniqladi. Terapevtik tarzda ishlab chiqilgan "jonli" musiqa va shaxsan aytiladigan allalar yurak va nafas olish funktsiyalariga ta'sir qilishi mumkin. Florida shtat universiteti qoshidagi Milliy chaqaloqlar va bolalar tibbiy musiqa terapiyasi instituti xodimi Jeyn M. Stendli tomonidan 2011 yil fevral oyida "Psixoterapiyada san'at" jurnalida chop etilgan yana bir tadqiqot shuni ko'rsatadiki, bunday terapiyani olgan chaqaloqlar kasalxonani tezroq tark etishadi.
Ko‘rar ko‘zim, alla-yo.
Suyar so‘zim, alla-yo,
Alla, bolam, alla-yo.
Shirin jonim, alla-yo,
Issiq nonim, alla-yo.
Alla, bolam, alla-yo, alla,
Do‘mboqqinam, alla-yo, alla.
*
Osmondagi oyim, alla,
Mening shirin choyim, alla.
Alla, bolam, alla,
Jonim bolam, alla.
Alla, bolam, alla-yo.
Sahar chog‘i bo‘libdi,
Ichim nurga to‘libdi.
Alla, bolam, alla,
Jonim bolam, alla.
Jigarimning porasi, alla.
Ko‘zginamning qorasi, alla.
Alla, bolam, alla,
Jonim bolam, alla.
*
Alla qilsin, bolam-o,
Uyquda orom olsin-o.
Alla, alla, deganda,
Jimgina uxlab qolsin-o.
Alla, bolam, alla,
Ikki ko‘zim, alla.
*
Uxla, qo‘zim, alla-yo,
Shakar so‘zim, alla-yo.
Ukam yigiar, tunda ham
Alla aytadi onam.
Qo‘shiqlari muloyim,
Obbo qilsin, alla-ey,
Uxlab bersin, alla-ey,
Alla, alla, alla-ey.
Ona allasi. Qisqa film & Alla qo’shiqlari & Oy oldida bir yulduz (O’zbek xalq marosim qo’shiqlari)
Foydalanilgan adabiyotlar
https://shifo.uz/article/alla-haqida
OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Abu Ali Ibn Sino. Tib qonunlari. I kitob, Toshkent, 1959, 293-b
Alisher Navoiy. Xamsa. Toshkent, 1960, 277-b.
N.Umurzaqova, K.Nasirova, “Alla – o‘zbek bolalar folklori janri sifatida”, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat til va adabiyot universiteti Scientific Progress Volume 2 ǀ Issue 8 ǀ 2021, ISSN: 2181-1601, 967-b.
O. Safarov. Alla-yo alla. Toshkent, 1999 yil 140 b. 13-bet.
https://kh-davron.uz/kutubxona/multimedia/ona.html
Clark, Daniel; Humphries, Rachel (18 June 2013). "Lullaby Medicine for Premature Babies". ABC News.
https://ertak.uz/songs/655